Chet elga xorijiy valyuta olib chiqish tartibi

Chet elga xorijiy valyuta olib chiqish tartibi


Новости, Пассажирамinfo • Опубликовано: 23 Окт 2019 г.

OʼZBEKISTON RESPUBLIKАSI MАRKАZIY BАNKINING АXBOROTI

Joriy yilning 22 oktyabrь kuni Oʼzbekiston Respublikasining “Valyutani tartibga solish toʼgʼrisida”gi Qonunining yangi tahriri Davlatimiz rahbari tomonidan imzolandi.

Qonun Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 2 sentyabrdagi “Valyuta siyosatini erkinlashtirishga doir birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʼgʼrisida”gi Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida ishlab chiqilgan.

Аvvalgi tahrirdan farqli oʼlaroq, yangi tahrirdagi Qonun bir qator meʼyorlar va mexanizmlar bilan toʼldirilgan boʼlib, unda valyutani tartibga solish va valyutani nazorat qilishning asosiy tamoyillari belgilandi. Xususan:
valyutani tartibga solish hamda valyutani nazorat qilish tizimining yagonaligi;
valyutani tartibga solish va valyutani nazorat qilish sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirishda iqtisodiy choralarning ustuvorligi;
rezidentlar va norezidentlarning valyuta operatsiyalariga davlat organlarining qonunga xilof ravishda aralashuviga yoʼl qoʼyilmasligi asosiy tamoyillar sifatida belgilab qoʼyildi.

Bundan tashqari, milliy valyutaning mavqeini kuchaytirish maqsadida, davlat bojlari, yigʼimlar va boshqa majburiy toʼlovlar milliy valyutada undirilishi, tovar va xizmatlar uchun narxlar hamda jamiyatlarning ustav kapitaliga qoʼyiladigan minimal talablar faqat milliy valyutada oʼrnatilishi qonun darajasida belgilandi.

Shu bilan birga:
valyuta operatsiyalarini amalga oshirishda rezidentlar va norezidentlar tomonidan chet el valyutasidagi mablagʼlarning erkin tasarruf etilishi;
valyuta operatsiyalarini amalga oshirish bilan bogʼliq bir qator ruxsat berish tartibotlarining bekor qilinishi;
tashqi savdo operatsiyalari boʼyicha aktivlarni Oʼzbekiston Respublikasiga repatriatsiya qilish boʼyicha talablar;
rezident jismoniy shaxslar tomonidan xorijda cheklovlarsiz hisobvaraqlar ochishga ruxsat berilishi;
jismoniy shaxslar oʼrtasida nosavdo valyuta operatsiyalari boʼyicha 100 mln. soʼm ekvivalentigacha boʼlgan miqdordagi pul oʼtkazmalari amalga oshirilishi mumkinligi;
jismoniy shaxslar tomonidan 100 mln. soʼm ekvivalentidan oshmagan miqdordagi naqd pul mablagʼlarini Oʼzbekiston Respublikasidan erkin olib chiqilishi nazarda tutilmoqda.

Qonunning yangi tahririda valyuta operatsiyalarining amaliyotdagi mavjud turlari qamrab olindi hamda qonunchilikdagi havola qiluvchi normalar maksimal darajada qisqartirildi va mazkur Qonun toʼgʼridan-toʼgʼri amal qiluvchi hujjat boʼladi.

Oʼzbekiston Respublikasining “Valyutani tartibga solish toʼgʼrisida”gi Qonunining yangi tahriri qabul qilinganligi munosabati bilan Oʼzbekiston Respublikasi Markaziy bankida bugun soat 15:00 da ommaviy axborot vositalari vakillari uchun brifing tashkil etilmoqda. Mazkur brifing davomida Qonunning yangi tahriri yuzasidan batafsil maʼlumotlar keng jamoatchilikka yetkaziladi.